TOShKENT, 11 okt – Sputnik. O‘zbekistonning yagona maqsadi mamlakatga Afg‘onistondan o‘q otilmasligidir. Bu haqda O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod va amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qarshidagi Prezident maktabida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda Mirziyoyev ertalab turib O‘zbekiston-Afg‘oniston chegaralarida nima bo‘ldi, deb so‘rashini aytdi. Davlat rahbariga 30-40 daqiqa chegaralaridagi vaziyat haqida xabar berishadi.
Yangi rahbarlar bilan muzokara olib borapmiz. O‘tiraversak, vaziyatni bizga hech kim aytmaydi. Jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgancha yordam berishga tayyormiz. Bizning yagona maqsadimiz - O‘zbekistonga Afg‘onistondan o‘q otilmasin.
Mirziyovning so‘zlariga ko‘ra, u lavozimga kelganida O‘zbekiston chegarasining 57 foizida muammolar bo‘lgan. Hozirga kelib qo‘shni mamlakatlar bilan muzokaralar yordamida ularning aksariyati hal etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Kobulda Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Toliblar O‘zbekiston xavfsizligiga Afg‘oniston hududidan hech qanday tahdid bo‘lmasligini qat’iy bildirishgan.