Aholidan asossiz ortiqcha hujjat talab qilgan mansabdorlarga chora ko‘rildi

Adliya vazirligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholidan ortiqcha hujjat talab qilgan qator vazirlik va agentliklar mas’ullarini jarimaga tortdi
Sputnik
TOShKENT, 11 okt – Sputnik. Adliya vazirligi prezidentning aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratishga oid farmoni ijrosi yuzasidan 29 ta vazirlik va idoralarda o‘rganish o‘tkazdi.
Unda vazirlik va idoralar tomonidan prezidentning tegishli farmoni talablari buzilganligi, ayrim tadbirlar ijrosi ta’minlanmaganligi aniqlangan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyundan 18 turdagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinganiga qaramay 3 256 ta holatda hujjatlar aholidan talab qilingan.
O‘rganish yakunida aholidan ortiqcha hujjatlarni talab qilgan quyidagi vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari MJtK 215-5-moddasiga (Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzish) asosan ma’muriy javobgarlikka (BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha) tortildi:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi;
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi;
Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi;
Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi.
Aniqlangan qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida vazirlik va idoralarga 21 ta taqdimnoma kiritilgan.
Kiritilgan taqdimnomalar natijasida davlat organlari va tashkilotlarining 38 nafar ma’sul xodimiga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Yigirmaga yaqin hujjatning aholi va tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilindi