Adliya vazirligi: hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish holati ko‘paygan

Adliya vazirligi axborot xizmati rahbarining ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tajovuz kayfiyati ham ortgan.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda hokimiyat vakiliga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatish jinoyatlarining soni oshgan. Bu AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.
"Statistikaga e’tibor beradigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda hokimiyat vakiliga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatish jinoyatlarining soni oshgan, jumladan 2019-yilda – 243 tani, 2020-yilda esa 251 tani tashkil etgan. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tajovuz kayfiyati ham ortib, 2018-yildagi 24,1 ming holat sodir etilgan bo‘lsa, 2020-yilda 39 ming holatni tashkil qilmoqda”, - dedi O‘rinboyeva.
Shu bilan birga, u o‘z xizmat burchini yaxshi bilmaydigan, fuqarolarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘ladigan hokimiyat vakillari borligini inkor qilmadi. Bunday hokimiyat vakillari tegishli tartibda jazosini olishlari lozim.
“Agarda fuqarolar shunday holatlarga duch kelishsa, ya’ni hokimiyat vakili tomonidan unga nisbatan qo‘pol muamala qilinsa yoki huquq va erkinliklari buzilsa, ushbu holat bo‘yicha sudga yoxud boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilish huquqiga egadir”, - deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.
Surxondaryoda YPX xodimini kapotida sudragan haydovchi hibsga olindi
Ta’kidlanishicha, oxirgi vaqtlarda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari ham sezilarli daraja oshib bormoqda. IIO xodimlarining qonuniy talablariga quyidagilar kiradi:
huquqbuzarlikni to‘xtatish;
hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish;
ichki ishlar organlariga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida bo‘lish;
transport vositasini to‘xtatish;
jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish va o‘z xizmat vazifasida belgilab qo‘yilgan boshqa talablar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun belgilangan javobgarlik choralari kuchaytirildi. Endi bunday harakatlarni sodir etgan shaxslar jarimadan tortib 3-yilgacha qamalishi mumkin.