TOShKENT, 8 okt – Sputnik. Bugun Toshkentda "O‘zbekistonda etnosportni rivojlantirish istiqbollari" xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi va “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan tashkil etildi.
Shuni qayd etish lozimki, so‘z aynan milliy sport turlari haqida ketganda, O‘zbek xalqining ko‘p asrlar davomida shakllangan, bular kurash, belbog‘li kurash, uloq-ko‘pkari, turon, boyqo‘rg‘on, kamondan otish, otchilik kabi milliy sport turlarini yodga olamiz.
Endilikda, mazkur sport yo‘nalishlarini rivojlanishi yangi tuzilgan O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi zimmasiga yuklanadi.
Aytilishicha, kelajakda etnosport turlarini Olimpiya o‘yinlari ro‘yxatiga kiritilishida assotsiatsiyaga katta ishonch bildirilmoqda.
O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonda bir necha oy davomida ustozlar, mutaxassislar va sportchilar bilan maslahatlashilgan holda etnosport assotsiatsiyasi tashkil etishga qaror qilingan”.
“Mutaxassislarimiz respublikaning eng chekka qishloqlariga borib mehnat qilishdi, ular hammasini tizimga solib milliy sport turlariga dasturamal bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilgan milliy ensiklopediya yaratishdi” – deya qo‘shimcha qildi Abduhakimov.
Shuningdek, tadbir yakunida, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Bilol Erdog‘an va Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov hamda yangi tashkil etilgan etnosport uyushmasining yangi rahbari Oybek Norinbayev "Xalq o‘yinlarini rivojlantirish" va “Federatsiyalar o‘rtasida hamkorlik” memorandumlariga imzo chekishdi.
O‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan janob Bilol Erdog‘an qo‘yidagilarni ta’kidladi.
“Xabarim borki, O‘zbekistonda Milliy va ko‘pkarra sport turlari asosan to‘ylar va sayillarda tashkillashtirilib o‘ynalar edi, bularni yana qaytadan shakllanishini va keyinchalik rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Darhaqiqat, o‘zbek madaniyati judayam boy tarixga ega, shuning uchun, milliy sport turlarini qaytadan tiklanishi va yosh avlodga o‘rgatilish tarafdorimiz. Bularni sport turlarini faqat ensiklopediya va kitoblarda ko‘rish emas, balkim, oddiy ko‘chalarda, xonadonlarda, ochiq maydonlarda qayta hukmron bo‘lishini xohlaymiz. Bugun o‘zbekiston uchun chinakamiga muhim kun bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilaridan biri, asli Farg‘ona vodiysidan bo‘lgan 72 yoshli polvon Tursun Ali Muhammad bu borada so‘z yuritar ekan, qo‘yidagilarni keltirib o‘tdi,
“Men 8 yoshga to‘lganimda otam qazo qilganlar, onam yoshlari katta bo‘lganligi sabab, 12 yoshimda ro‘zg‘or tashvishi boshimga tushdi, polvon bo‘lsam oilani tebrata olaman degan fikr xayolimga keldi va o‘sha davrda so‘lim Shohimardonda Lochin ismli polvonga ishqiboz edim, shu sabab u insonga shogird tushdim. Hozirgi kunda 4 ta dorbozlar guruhini boshqarib kelmoqdaman, guruh deganda uning tarkibiga, tosh ko‘taradigan polvon, masharaboz, morboz (ilon o‘ynatadigan), huqqaboz (fokuschi), simboz va dorbozlar kiradi. Bizlar avvalari judayam ko‘p soliqlar to‘lar edik, bugungi kunda bizlarga faoliyat ko‘rsatishmiz uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Xususan, dorbozlar yo‘qolib ketmasligi uchun o‘tgan yili prezident farmoni chiqdi. Bu esa o‘z navbatida bizlar uchun ancha yengillik berdi, har xil joriy etilgan soliqlardan xolis bo‘ldik”.
Shuningdek, tadbir mehmoni bo‘lgan Falsafa fani doktori Turon Fanlar akademiyasi akademigi Guljahon Mardonova ham bu borada so‘zlar ekan, qo‘yidagilarni bildirib o‘tdi,
“Bizning xalqimizning dahosi tufayli yaratilgan milliy o‘yinlar, bundan million-million yillar oldin yashab o‘tgan ajdodlarimizning xayot tarziga borib taqaladi, chunki shunday o‘yinlar borki, insoniyat boshidan o‘tgan ovchilik davri bilan ham chambarchas bog‘liqdir, bular o‘yinlarga o‘tib singib borgan. Misol uchun, podato‘pi o‘yinining tarixiga nazar solsak, keng dashtlarda mol-qo‘ylarini boqib yurgan cho‘ponlar o‘zlarining bo‘sh bo‘lgan paytlarida podachi tayog‘i yordamida qo‘y yungidan yasalgan koptokchani o‘ynashgan, xalqda mazkur o‘yin “podato‘pi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
Xuddi shu o‘yinni Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonga olib borgan. Keyinchalik esa, Ingliz istilochilari Buyuk Britaniyaga o‘zlashtirishib, unga “Chim ustida xokkey” uyini deb nomlashgan.
Yoki beysbol o‘yinini ham aytadigan bo‘lsak, uning tarixi Amir Temur xazratlari bilan bevosita bog‘liqdir. Sarkarda o‘zining askarlarini jismoniy holatini saqlash uchun “Bo‘ron” o‘yinini kashf etgan, bu o‘yinda jamolar ikkiga bo‘linishib, belbog‘ga yumshoq narsani mahkam tugib, shu belbog‘ni tegishli manzilga yetkazib kelish bo‘yicha musobaqalashganlar, bu askarlarning sog‘lig‘i mustahkamlanishida va quvvati oshib borishida muhim ahamiyat kasb qilgan. Bugungi kunda bu o‘yin dunyoda beysbol nomi bilan tanilgan.