TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilgan sambo bo‘yicha “Tatariston Respublikasi Prezidenti kubogi” xalqaro turnirida O‘zbekiston sambochilari ham munosib ishtirok etishdi va respublikaga uchta medal bilan qaytib kelishdi. Bu haqda turizm va sport matbuot xizmati xabar qildi.
-79 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Firdavs Xojimamatov finalgacha yetib bordi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
-98 kg vaznli sambochi Ne’mat Yoqubov ham musobaqaning kumush medali egasiga aylandi.
Jangovar sambo bahslarida esa -71 kg vazn toifasida ishtirok etgan San’at Ismanov bronza medali bilan qaytib keldi.
To‘rtinchi marotaba tashkil etilgan ushbu musobaqada dunyoning 15 mamlakatidan 207 nafar sportchi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishdi.