TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Yangi Moskvadagi o‘ta mashhur hisoblangan "FudSiti" oziq-ovqat bozoriga yaqin joylashgan bir necha hududlar aholisi migrantlar bilan bog‘liq masalani tartibga solish uchun minglab imzo to‘plashga muvaffaq bo‘ldilar. Bu haqda Readovka Telegram-kanali xabar bermoqda.
Mahalliy faollar Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga yo‘llangan murojaat ostida 8,5 mingdan ziyod imzo to‘plashga muvaffaq bo‘lishgan.
Fuqarolar Yangi Moskvada son jihatdan o‘ta ko‘payib ketgan mehnat migrantlari orasida tartib o‘rnatishni so‘rashmoqda. Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, ushbu hududda chet elliklar ishtirokidagi jinoyatlar soni ham sezilarli oshgan.
"O‘zimizning rayonimizda yashash noqulay va xavfli bo‘lib qoldi, kechalari ko‘chaga chiqishdan xavfsirayapmiz", - deyiladi arizada.
Fuqarolar ushbu holatga diqqat bilan e’tibor qaratilishini va "Rossiya aholisi huquqlari va manfaatlari ta’minlanishi" yo‘lida bu masalada tartib o‘rnatilishini so‘rashmoqda.
Fuqarolarning ta’kidiga ko‘ra, yirik "FudSiti" bozorining shu hudda joylashuvi, Saxarovo migratsiya markaziga olib boradigan yo‘lning ham aynan shu yerdan o‘tishi tufayli ushbu hududda migrantlar soni nihoyatda ko‘p.
Ta’kidlanishicha, Sosenskoe hududida chet ellik fuqarolar nazoratsiz kelib joylashayotgan makonga aylanayotgani uchun ham bu yerda "migratsiya siyosati hayotga tatbiq etilyapti", deb aytib bo‘lmaydi.
2020 yil holatiga ko‘ra, Sosenskoe shahar tipidagi poselkasida 66 ming migrant va fuqaroligi yo‘q shaxslar yashashadi.
Posolkada rasman ro‘yxatdan o‘tgan aholi soni esa 142 ming kishini tashkil etadi.
Mahalliy politsiya bo‘limi bayonotiga ko‘ra, nomusga tegish va o‘g‘irlik singari jinoyatlarning asosiy qismi chet elliklar tomonidan sodir etiladi, shu bois, mahalliy aholining o‘zi va yaqinlari uchun nega tashvish chekayotganini tushunish mumkin.