O‘zbekistonda benzin qimmatlashdimi? Deputat Kusherbayev narxlarni o‘rganib chiqdi

Deputat Rasul Kusherbayev benzin narxlarni o‘rganib chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekistonda AI 91 benzinining minimal narxi 8 100 so‘mga yetdi.
Bu haqda O‘zLiDeP deputati Rasul Kusherbayev o‘z telegram kanalida post yozdi.
O‘zbekiston benzin importini 3,2 baravarga oshirdi
“Bu ketishda hammmamiz (xalq hisobidan xizmat avtomobilida yuradiganlardan tashqari) avtomobilga hayot uchun xavfi yuqori bo‘lgan gaz ballonlarini o‘rnatishga majbur bo‘lamiz yoki shundoq ham oldindan pulini to‘lab, oylab navbat kutib zo‘rg‘a yetgan avtomobilimizdan voz kechamiz. Chunki bunday narxli yoqilg‘ini ko‘pchilikni cho‘ntagi ko‘tarmaydi.
Kamiga yoqilg‘i narxining oshishi boshqa iste’mol tovarlari va xizmat ko‘rsatish sohasida ham narxlar ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin”, - deb yozgan deputat.
Biroq, biroz vaqt o‘tgach, yuqorida yozilgan post deputat kanalidan o‘chirib tashlandi va o‘rniga Kusherbayev shaxsan Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxlarini o‘rganishi aks etgan video paydo bo‘ldi.
"Bugun kech bo‘lishiga qaramay benzin quyish shahobchalarida benzin narxi va sifati bilan qiziqdik.
"O‘zbekneftgaz" tizimidagi shahobchalarda benzinlar sifati bo‘yicha laboratoriya tekshiruvida AI 80 markasi 85, AI 92 markasi esa 94 markasida bo‘lib chiqdi. Sifatga gap yo‘q. Shahobchalar kun-u tun ishlamoqda.
AI 80 marka 5900 so‘m, AI 92 marka esa 7900 so‘mdan sotilmoqda. AI 91 benzini bir yildan buyon sotuvda yo‘q ekan. Ushbu markadagi benzin asosan xususiy benzin shahobchalarida qolibdi.
Yuqoridagi narxlar faqat "O‘zbekneftgaz" tizimidagi benzin quyish shahobchalarida amal qilmoqda. Qolgan xususiy benzin sotuvchi tashkilotlarda esa narxlar turlicha.
Aytgancha, iste’molchi sifatida har qanday shaxs shahobchadan xarid qilayotgan benzin sifatini laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishni talab qilishi mumkin ekan. – deb yozgan Kusherbayev.
O‘zbekistonda AI-98 markali benzin ishlab chiqarish o‘zlashtirildi
Eslatib o‘tamiz, benzin shu yoz boshida qimmatlashgan edi. Mutaxassislar bu faktni sotuvchilar tomonidan boshlang‘ich narxlarning oshishi bilan bog‘lashgan.
Chakana sotuvchilar AI-80 benzinining boshlang‘ich narxini bir tonna mahsulot uchun o‘rtacha 6 863,3 ming so‘mdan 6 970,8 ming so‘mgacha oshirdi. Shu munosabat bilan AI-80 benzinining o‘rtacha narxi 6 958,6 ming so‘mdan 7047,1 ming so‘mgacha ko‘tarildi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga qiymati 100 mln dollarga teng bo‘lgan 281,6 mln litr avtomobil benzini import qilindi. Avtomobil benzini importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 barobarga oshdi.
Benzin asosan Rossiya (139 mln litr), Turkmaniston (121 mln litr), Qozog‘iston (16 mln litr) va Iroqdan (3,6 mln litr) olib kelindi.