Chilonzordagi ko‘p qavatli uyda gaz portlashi yuzasidan jinoiy ish ochildi

“Hududgazta’minot” ma’lumotlariga ko‘ra, xonadon egasi esa gaz tizimiga ruxsatsiz ulangan.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt – Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida ro‘y bergan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “b” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv olib borilmoqda.
“Hududgazta’minot” ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘p qavatli uy hali foydalanishga topshirilmagan bo‘lgan, xonadon egasi esa gaz tizimiga ruxsatsiz ulangan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xonadon egasi uyni gazlashtirish bo‘yicha payvandlash ishlarini olib borish uchun payvandchini jalb qilgan va gaz ta’minoti tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulangan”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq Chilonzor tumanidagi yangi ko‘p qavatli uydagi gaz portlagani va 17 ta xonadon zarar ko‘rgani xabar qilingan edi.