TOShKENT, 30 sen - Sputnik. O‘zbekistonda jadal amalga oshirilayotgan xususiylashtirish jarayonlari muayan xatarlar ham keltirib chiqarishi mumkin, dedi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) davlat boshqaruvi iqtisodchisi Chidem Akin, Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan iqtisodiy forum doirasida. Sputnik muxbiri xabariga asosan.
1. Ishsizlikning oshishi
Osiyo taraqiyot banki tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda ko‘plab davlat korxonalari har tarafdan eskirgan. Ular o‘zgarishi kerak. Ularga yangi texnologiyalar, yangi boshqaruv tizimi joriy etilishi lozim.
"Xususiylashtirish oqibatida bunday korxonalar, qisqaradi va ixchamlashadi. Tabiiyki, bunda ishchilarning bir qismini ham qisqartirishga to‘g‘ri keladi, - dedi ma’ruzachi. - Ya’ni ishsizlik muammosi paydo bo‘ladi. O‘zbekistondagi ishsizlik ko‘rsatkichlari haqida esa kechagi muloqotlarda aytilgan edi”.
2. Ijtimoiy himoya kamayishi
Chidem Akinning so‘zlariga ko‘ra, davlat korxonalari katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Ular o‘z xodimlariga uy-joy, mehnat ta’tili, kasallik va homiladorlik vaqti uchun to‘lovlar taqdim etadi. Jadal xususiylashtirish jarayonlari mana shunday imtiyozlarni yo‘qqa chiqarmasligi lozim.
Xalqaro moliya tashkilotlari ishsizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha samarali hamkorlikni taklif etishlari mumkin. Bu borada ayniqsa, janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida katta tajriba to‘plangan, - dedi ekspert.
3. Pensiya, ipoteka va yer mulkini xususiylashtirish
OTB vakili O‘zbekistonda xususiy pensiya jamg‘armalari yo‘qligiga e’tibor qaratdi va ana shunday institutlar ko‘plab mamlakatlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini aytib o‘tdi va ushbu tajriba O‘zbekiston uchun ham ijobiy bo‘lishiga umid bildirdi.
Shuningdek, ma’ruzachi O‘zbekistonda ipoteka bozori davlat tomonidan boshqarilishiga ham e’tibor qaratdi. Xususiy sektor vakillari ipoteka bozoriga yetarlicha kirib kelmagan. OTB esa aynan shu yo‘nalishda ham xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlaydi.
Undan tashqari OTB vakili O‘zbekistonda aholining 30% band bo‘lgan qishloq xo‘jalik sohasining samaradorligi past ekanini qayd etdi. Mutaxasis fikriga ko‘ra, yer islohotlari va xususiylashtirish - ushbu sohaga ham sarmoyadorlarni jalb etadi.
Ushbu islohotlar hududlarda iqtisodiy rivojlansh jarayonini tenglashtirgan bo‘lardi va aholining ommaviy ravishda shaharlarga ko‘chib kelishini to‘xtatadi. Bu borada Chidem Akin Polsha va Isroil kabi davlatlarni misol qilib ko‘rsatdi.