O‘zbekistonda MDH saylovlarni kuzatish missiyasi o‘z faoliyatini boshladi

MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 29 sen - Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Ijroiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Leonid Anfimov boshchiligida MDH saylovlarni kuzatish missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari mamlakatga tashrif buyurdi.
"29 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi", - deb xabar qiladi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.
MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev mehmonlarni saylov kampaniyasi bilan tanishtirib, saylov O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonni yangi prezidenti nimaga tayyor: partiyalar yetakchilari saylovoldi rejalari haqida
Shu bilan birga, ayni damda prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni boshlangani, saylovoldi tashviqotini olib borish va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilganligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi.
Missiya o‘z faoliyati davomida saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish, nomzodlarning saylov shtablarida uchrashuvlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
MSK shu kunga qadar 112 nafar xalqaro kuzatuvchini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Uchrashuvdan so‘ng L.Anfimov ommaviy axborot vositalari vakillariga Missiya faoliyati yuzasidan murojaat qildi. Tashrif doirasida delegatsiya a’zolarining bir qator vazirlik va idoralarda uchrashuvlari rejalashtirilgan.