TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Toshkentda “Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusida O‘zbekiston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Uning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar asosan, O‘zbekiston pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini saqlab qolgani va bunga sabab bo‘lgan omillar haqida fikr bildirishdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byerdening so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston – hududda rivojlanish ko‘rsatkichlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan kam sonli davlatlardan biridir.
“Mamlakat keyingi yillarda hammamizni sinovdan o‘tkazgan murakkabliklarga bardosh bera oldi. Buning bir nechta muhim omillari bor. Hamkorlikda ishlagan holda ichki va tashqi savdo sohasida ko‘pgina to‘siqlarni olib tashladik. Soliq tizimi isloh qilindi. Shuningdek, ichki va xalqaro kapitalni samarali ishlatishga erishildi. Shularning oqbatida O‘zbekiston iqtisodining bardoshlilik darajasi mustahkamlandi. Biz bundan keyin ham mamlakatda amalga oshirilayotgan yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, - dedi Anna Byerde.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Shiksin Chenning ta’kidlashicha, murakkab sharoitlarda ko‘rsatkichlarni saqlab qolishda makroiqtisodiy barqarorlik muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga chiqishni rejalashtirgan.
Mamlakatda COVID-19 ga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqilgan. Investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
“Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning ko‘p yillik hamkori hisoblanadi. Biz bundan buyon ham kapital bozorini rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini taraqqiy ettirish yo‘nalishlarida birga ishlashga tayyormiz”, - dedi Chen.
“Rotshild & Co” Kuzatuv kengashi raisi o‘rinbosari Erik de Rotshild bundan bir necha yil oldin O‘zbekistondagi yangilanishlar valyuta bozorini isloh qilish bilan boshlanganini eslatdi. Keyinchalik pandamiyaga qarshi moliyaviy buferlar yaratildi.
“Shu kabi omillar 2020-yildagi iqtisodiy o‘sishga sabab bo‘ldi. Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘sish ko‘rsatkichlari bu yil ham davom etadi – biz shunga umid qilamiz. Biz o‘zbekistonlik hamkorlarimizni iqtisodiy masalalarda, emlash masalalarida qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Bugun O‘zbekistonda ikkinchi bosqich islohotlar boshlanayapti. Demak, faoliyat uchun yangi maydonlar ochiladi”, - dedi Erik de Rotshild.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘nggi 4-5 yilda O‘zbekistonning YaIMga nisbatan qarzi o‘sgani, biroq keyingi vaqtlarda qarz o‘sish sur’ati yana pasayganini ko‘rish mumkinligini qayd etdi.
“Umuman, O‘zbekistonda tashqi qarz masalasi kuchli nazorat ostida ushlab turilibdi. Islohotlarning keyingi bosqichida xususiy sektorni rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u beramiz”, - dedi Qo‘chqorov.