Men o‘zbek filmida rol ijro etishga tayyorman - Mithun Chakraborti bilan intervyu

Toshkent xalqaro kinofestivaliga tashrif buyurgan Bollivud yulduzi jurnalistlar bilan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen – Sputnik. Hindistonlik mashhur aktor Mithun Chakraborti O‘zbekistondagi o‘zgrishlarda hayratda ekanini va o‘zbek filmida rol ijro etishga tayyorligini bildirdi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi xabariga asosan.

O‘zbekistonga to‘rtinchi marta tashrif buyurishim. Avvalgi O‘zbekiston va hozirgi O‘zbekiston o‘rtasida katta farq bor. Mamlakatingiz yanada chiroy ochgan, ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergan. Hindiston va O‘zbekiston mustahkam do‘stona aloqalarga ega, biz bir nechta filmlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Men o‘zbek filmida rol ijro etishga tayyorman!, - dedi mashhur aktor.

— Sizni O‘zbekistonda ko‘rganimizdan xursandmiz, oldin ham bu yerda bo‘lgansiz. Endilikda qanday o‘zgarishlarni sezdingiz? Nimalar sizni hayratlantirdi?
— Birinchi marta Toshkentga hamkorlikda film ishlaganimizda kelgandim, bir oy davomida bu yerda bo‘lgandik. Bugun Toshkentga kelib, hayratimni berkita olmadim. Aeroportni o‘zidayoq ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib, xuddiki o‘zimni Yevropani qaysidir shahriga kelib qolganimni his qildim.
Mitxun Chakraborti i Firdavs Abduxalikov
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida azaldan yaqin do‘stona aloqalar bo‘lgan va bugun ham bu aloqalar nafaqat kino va seriallarda, balki barcha sohalarda ham davom etib kelyapti. Aytishim mumkinki, Toshkentga kelib, O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga chiqib, yanada rivojlanib chiroy ochganiga guvoh bo‘ldim.
— Yangi O‘zbekistonni uch so‘z bilan tasvirlab bera olasizmi?
— Hayratlanarli, chiroyli, mehmondo‘st.
— O‘zbek filmlarini Markaziy Osiyodagi roli haqida nima deya olasiz?
— Texnik tomondan yangi bosqichga ko‘tarilish zarur. O‘zbek kinoindustriyasi xorijiy hamkorlikni yanada kuchaytirishi kerak. Men o‘zbek filmlarini dunyoga chiqishini xohlayman.
— O‘zbekistondagi sevimli shahringiz?
— O‘zbekistonning ko‘p joylarida bo‘ldim, ammo Toshkent men uchun hammasidan ham sevimli.
Mitxun Chakraborti v Uzbekistane
— Sizningcha, Toshkent xalqaro kinofestivali orqali Yangi O‘zbekistonning dunyoga qanday imkoniyatlari namoyon bo‘ladi?
— Ayni vaqtda Toshkent xalqaro kinofestivalining O‘zbekistonda o‘tkazilishi juda ham muhim voqea deb ayta olaman. Ko‘plab yulduzlar dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyuradi. Bu kabi tadbirlar davlat obro‘sini yuksaltiradi. Bu yerda bo‘lgan har bir yulduz o‘z xotiralari, taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi. Yulduzlarning fikri, albatta, ko‘p odamlarni e’tiborsiz qoldirmaydi.
— Hayotda siz uchun nima muhim? Nimani yo‘qotishdan qo‘rqasiz?
— Men kino aktorman, shu bilan birga to‘rt farzandning otasiman. Oila boshiman. Men doimo sevimli inson bo‘lishni, kerak bo‘lishni xohlayman va shu mehrni doimo berishga harakat qilaman.
Oilam men uchun eng muhimi, uni yo‘qotishdan qo‘rqaman. Kino hayotimning bir qismi. Uchrashuvlarda seni olomon o‘rab oladi, dastxat so‘raydi, yaxshi ko‘rishlarini aytadi. Bu ham Yaratgan in’om etgan baxt. Ammo oilam sevgisi men uchun eng qadrli.
Mitxun Chakraborti v Uzbekistane
Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro kinofestivali 24-yillik tanaffusdan so‘ng qayta tiklandi. 28-sentabr - 3-oktabr kunlari "Ipak yo‘li durdonasi" nomi bilan bo‘lib o‘tadigan xalqaro kino festivaliga dunyoning 450 dan ortiq kinmatografistlar, Lyuk Besson, Nikita Mixalkov, Timur Bikmambetov, Nuri Bilge kabi dunyo tan olgan rejissorlar kelishi, dunyoning 14 mamlkatidan 150dan ortiq filmlar namoyish etilishi kutilmoqda.