TOShKENT, 27 sen – Sputnik. Vengriya hukumati Budapeshtdan Samarqand, Toshkent va Buxoro shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston turizm va sport vazirligi xabar bermoqda.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha aniq chora tadbirlarni qabul qilish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar “WizzAir” aviakompaniyasi tomonidan Budapesht – Samarqand yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarini yo‘lga qo‘yilishini ham muhokama qilishdi.
Bundan tashqari, Vengriya TIV rahbari Budapeshtdan O‘zbekistonning Samarqand, Toshkent va Buxoro kabi yirik shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirilishiga qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston tomoni yaqin vaqt ichida Vengriya aviatashuvchisiga ushbu reysni ishga tushirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini tasdiqladi.