“Yuz dollar va 12 bosh kurka bolasi”: mudofaa bo‘limi rahbari pora bilan qo‘lga tushdi

Buxoro viloyatida mudofaa bo‘limi boshlig‘i pora olayotganda qo‘lga tushdi.
Sputnik
TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Mudofaa bo‘limi boshlig‘i 100 AQSh dollari va 12 bosh kurka bolalarini pora tariqasida olayotganda qo‘lga tushdi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Prokuror, MIB rahbari, bojxona inspektori: qator amaldorlar pora bilan qo‘lga tushdi
Qorako‘l tumani mudofaa bo‘limi boshlig‘i 1976-yilda tug‘ilgan fuqaro Y.O. xizmat mavqeyidan foydalanib, o‘zga bir fuqaroni aldab, uning ishonchini suiiste’mol qiladi.
Viloyat mudofaa boshqarmasi safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘limi noziri vazifasiga ishga joylashtirganligi uchun ta’magirlik qilib, o‘zining Qorako‘l tumani Chekirchi mahallasida joylashgan xonadonida kimoviy ishlov berilgan 100 AQSh dollari va 12 bosh kurka bolalarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Holat yuzasidan JKning 168-modda 3-qismi va 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax, Samarqand, Namangan va Buxoro viloyatlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qator xodimlari pora bilan ushlangandi.