TOShKENT, 23 sen - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvi davomida O‘zbekistonda yaqin vaqtlargacha eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib kelgan - propiska va fuqarolik masalalari haqida gapirdi. Davlat rahbari o‘z hayotidan misol keltirdi.
" <...> ...hayotimda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rganman, Toshkentga kelib uysiz yashash, bolalarim bilan kvartirama-kvartira yashash (nimaligini boshdan kechirganman). Shu uchun ko‘p uy quramanki, bilaman, bir vaqtlar Toshkentga kelib propiska olish azob edi, mumkin emasdi. <...> O‘zbekiston fuqarosisizlar, nimaga poytaxtda yashashlaring mumkin emas?", - dedi Mirziyoyev.
Prezident bugun propiska olish masalasiga yechim topilgani, endi bir vaqtlardagidek propiska olish muammo emasligini qo‘shimcha qildi.
Mirziyoyevning aytishicha, o‘zi ham institutda fan nomzodi bo‘lguniga qadar na kvartira, na propiskaga ega bo‘lgan.
"Bitta aybim - Toshkentda tug‘ilmaganim uchun", - deya aniqlik kiritdi prezident va bu adolatdan emas ekanligini ta’kidladi.
Shu bois, Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib saylangach, propiska, fuqarolik singari masalalarga yechim topishga harakat qildi - toki oddiy insonlar emin-erkin yashashi uchun.
Bir vaqtlar, O‘zbekiston desa, yuzini burganlar, bugunga kelib bu mamlakatga talpinmoqda, dedi prezident.
Mirziyoyevning aytishicha, bunday o‘zgarishlar, eng avvalo, mamlakatda inson qadri birinchi o‘ringa chiqarilgani uchun yuz berdi.