TOShKENT, 22 sen – Sputnik. Andijon shahri Bog‘ishamol dahasida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisada uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
21 sentabr kuni sodir bo‘lgan YTHda “Chevrolet Tracker” avtomobili ichida bo‘lgan uch talaba halok bo‘lgan, yana bir kishi jarohatlangan.
Andijon davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu YTHda oliygohning pediatriya fakultetining 3-bosqichida tahsil olayotgan A.Yu va farmatsiya yo‘nalishining 3-bosqich talabalari A.A. va I.A. vafot etishgan.
Ular o‘tgan o‘quv yilida Qozon federal universitetidan o‘qishini ko‘chirib kelishgan, ijarada yoki talabalar turar joyida yashashmagan. Oilasi bilan birga istiqomat qilib kelishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Andijon tuman IIB TB tergov harakatlarini olib bormoqda. Andijon viloyat prokuraturasi vaziyatni nazoratga olgan.