Tojikiston hukumati O‘zbekistonda qurayotgan bog‘chaning ochilish sanasi ma’lum bo‘ldi

Bolalar bog‘chasini qurish ishlari Tojikiston hukumati mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan
Sputnik
TOShKENT, 21 sen - Sputnik. Tojikiston hukumati tomonidan O‘zbekistonda barpo etilgan bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimi Farg‘ona viloyati Rishton tumanida 24-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar bermoqda.
"Tojikiston Respublikasi prezidenti tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati Rishton tumani Uch ariq MFY xududida zamonaviy loyiha asosida 2 qavatli quvvati 200 o‘ringa mo‘ljallangan “Kapalak” nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurildi. Yangi ochilgan 63-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tanlov asosida jami 53 nafar xodimlar qabul qilingan bo‘lib, ulardan 12 nafarini Oliy ma’lumotli pedagog xodimlar tashkil etadi", - deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga MTV vakili.
Tojikiston hukumati Rishton tumanida 200 nafar tarbiyalanuvchi uchun bog‘cha qurish maqsadida 1 million 400 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan edi.
“Uch pahlavon” haykali - o‘zbek, tojik va qirg‘iz xalqlari do‘stligi ramzi
Eslatib o‘tamiz, Rishton tumanida bog‘cha qurish qarori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil mart oyida Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan edi.
Ochilish marosimida Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Imomzoda Muhammadusuf Saidali boshchiligidagi delegatsiyaning ishtiroki ham rejalashtirilgan.