TOShKENT, 20 sen – Sputnik. Bundan buyon viloyatlar hokimiyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi har o‘quv yilida 100 nafar kam ta’minlangan xotin-qizlarning kontrak pulini to‘lab beradi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasining 19-sentabrdagi qarorida aytib o‘tilgan.
Nizomga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat va Toshkent shahar hokimliklari har yili o‘z hududlarida istiqomat qiluvchi 25 nafar birinchi kurs talabalari, 75 nafar 2-4 kurslarda o‘qiyotgan, jami esa 100 nafar xotin-qizlar uchun to‘lov-kontraktini to‘lab beradigan bo‘ldi.
Undan tashqari, moliyaviy barqaror bo‘lgan davlat OTMlari boshqaruv kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi o‘quv yilida bepul o‘qitiladi.
Kam ta’minlangan xotin-qizlar qo‘yidagi mezonlar asosida tanlanadi:
otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar;
boquvchisi yo‘q ehtiyojmand yolg‘iz ayollar.
Ushbu toifaga mos keladigan xotin-qizlar test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida OTMga murojaat etishlari kerak. OTMlar 5 kun ichda ro‘yxatni shakllantirib, hokimliklarga ma’lumot yuboradi. Talabgorlarni tanlab olish natijalari “Aziz-ayol.uz” sayti orqali e’lon qilinib boriladi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olayotgan, xorijiy OTM filialida yoki oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘qiyotgan xotin-qizlar Ushbu toifaga mos kelmaydi.
Avvalroq “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilinganligi haqida xabar bergandik.