Biz Afg‘onistondagi hozirgi mavjud siyosiy kuch bilan ish olib borishimiz kerak – Safoyev

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Afg‘onistonning yangi hokimiyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan boradimi degan savolga javob berdi.
Sputnik
Afg‘onistondagi hozirgi mavjud siyosiy kuch bilan ish olib borish kerak. Bu haqda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Valday” klubining “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” konferensiyasida ma’lum qildi.
“Bu yerda qo‘llab-quvvatlash, tan olish eng muhim masala emas. Biz hozirgi mavjud siyosiy kuch bilan ish olib borishimiz kerak. E’tiboringizni shu narsaga jalb qilmoqchimanki, bu mamlakatimizning yangi siyosati emas: oxirgi bir necha yil mobaynida O‘zbekiston Afg‘onistondagi barcha siyosiy kuchlar, mavqeyi baland bo‘lgan tashkilotlar muloqot olib bordi. Chunki bu bizga bevosita chegaradosh bo‘lgan qo‘shni davlat. Biz hozir mavjud afg‘on hokimiyati bilan afg‘on xalqiga yordam berish borasida hamkorlikni kuchaytirish haqida gapirapmiz” – dedi Safoyev.
Afg‘onistonning yangi hukumati O‘zbekiston prezidentiga yordam uchun minnatdorlik bildirdi