TOShKENT, 20 sen – Sputnik. Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli oshadi. Bu haqda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” anjumanida shunday fikr bildirdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Aripovning qayd etishicha, buning sababi Afg‘onistonning barcha qo‘shnilari yoki ShHTga, a’zo yoki uning kuzatuvchisi maqomida ekanligi bilan bog‘liq.
Kuzatuvchi mamlakatlar ham, tabiiyki, ShHT bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega. Binobarin, ShHTga a’zo davlatlar Afg‘onistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi. Ularning Afg‘oniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 milliard dollarni tashkil etadi, bu Afg‘onistonning xorijiy davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasining deyarli 80 foizini tashkil qiladi.
Afg‘onistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 80 foizdan ortig‘i, bug‘doy va unga bo‘lgan ehtiyojning 20 foizdan ortig‘i ShHTga a’zo davlatlar eksporti hisobidan qoplanadi.
ShHT davlatlari Afg‘onistonni mintaqaviy xavfsizlikka tahdid manbaiga aylanishining oldini olishdan, ayniqsa, manfaatdor.
“Hech kim Afg‘oniston hududining mamlakatlarimizga qarshi buzg‘unchi harakatlar, radikal mafkura, terrorizmni qo‘shni davlatlarga eksport qilish uchun o‘ziga xos markazga aylanishini istamaydi", - deya ta’kidladi SMIT direktori.