O‘zbekistonda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish uchun logistika markazi ochildi

Afg‘onistonda oziq-ovqat yordamiga bo‘lgan ehtiyoj ortgani sababli BMT Pokiston, Tojikiston va O‘zbekistondagi omborlarda zarur mahsulotlar zaxirasini ko‘paytirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen – Sputnik. BMT Afg‘onistonga oziq-ovqat yordamini ko‘rsatish uchun O‘zbekistonda asosiy logistika markazini ochdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.
Afg‘onistonda oziq-ovqat yordamiga bo‘lgan ehtiyoj ortgani sababli BMT Pokiston, Tojikiston va O‘zbekistondagi omborlarda zarur mahsulotlar zaxirasini ko‘paytirmoqda. Asosiy logistika markazi esa O‘zbekistonning Termiz shahrida tashkil etilgan.
Xabarda keltirilishicha, 13-sentabr kuni Jenevadagi anjuman yakunida donorlar afg‘onlarning ehtiyojlari uchun bir milliard dollardan ortiq — BMT talabidan deyarli ikki baravar ko‘p mablag‘ ajratishga va’da bergan. “Tolibon”* harakati yozma ravishda gumanitar operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini kafolatlash va gumanitar ishchilar xavfsizligini ta’minlash majburiyatini olgan.
Afg‘onistonning yangi hukumati O‘zbekiston prezidentiga yordam uchun minnatdorlik bildirdi
Endi BMT donorlardan afg‘onlar uchun oziq-ovqat, tibbiyot buyumlari va boshqa zaruriy narsalarni xarid qilish uchun va’da qilingan mablag‘larni tezroq taqdim etishni so‘ramoqda.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston mustaqil ravishda ham Afg‘onistonga yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Kuni kecha qo‘shni mamlakatga turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyafzallardan iborat 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yordamini jo‘natdi.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti