TOShKENT, 15 sen – Sputnik. Toshkentda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Invistitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyev hamraisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotining qiyosiy ustunliklarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kelishib olishdi.
Kelishuvga muvofiq endi ikki mamlakat bozorlariga o‘zbek va turkman mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta’minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘riladi hamda har ikki tomon o‘zbek-turkman savdo aylanmasi hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollarga yetkazishga tayyor.
“Shuningdek, yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishish ham yakuniga yetkaziladi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, tomonlar transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish, aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, 2022-yilda o‘zaro tarif imtiyozlarini taqdim etish, “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasidan foydalanish istiqbollari hamda boshqa tashabbuslarni nazarda tutuvchi qo‘shma choralarni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib oldilar.
O‘zbek-turkman chegarasida transchegaraviy savdo zonalari yaratilishi Umurzakovning o‘tgan yili may oyida Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari — tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralarida ma’lum bo‘lgandi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda O‘zbekistonda turkman kapitali ishtirokida 160 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda hamda joriy yilning birinchi yarmida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 20 foizga oshdi.