TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Qashqadaryolik dzudochi Kamoliddin Rasulov Toshkent shahar Uchtepa tumanida pichoqlab o‘ldirildi. Bu ma’lumotni Sputnik O‘zbekiston muxbiriga dzudo federatsiyasi matbuot-kotibi tasdiqladi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi bergan ma’lumotlarga ko‘ra voqea 13-sentabr 21:30 da sodir bo‘lgan.
Aytilishicha, 30 yoshli ayblanuvchi Kamoliddin Rasulovga telefon qilib, undan xarid qilib olgan vitaminni uning tavsiyasiga ko‘ra ichgani, buni natijasida shifokorlar unga tuzalmas dardga chalinganligini aytishgani haqida gapirib, K. Rasulovni uchrashib olishga chaqirgan.
Ikki tanish ko‘rishganda, o‘rtada janjal chiqqan va ayblanuvchi K. Rasulovga o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan bir necha marta zarba bergan. Jarohat chuqur bo‘lganligi bois, jabrlanuvchi vafot etgan. Ayblanuvchiga nisbatan qasddan odam o‘ldirganlik aybi qo‘yilib, xibsga olingan va hozirda tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Kamoliddin Rasulov 2019-yilgi Toshkent Gran-Pri turnirining kumush medali sovrindori, O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod sportchi, xalqaro toifadagi sport ustasi.
Kuni kecha e’lon qilingan IJF reytingida 81 kg vazn toifasida 34- o‘rinni egallagan.