O‘zbekistonda seysmik xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida qonun qabul qilindi

Qonunga ko‘ra, kuchli zilzilalar natijasida yetkazilgan zararni baholashga doir ishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi.
Qonunga ko‘ra, seysmik xavfsizligi ta’minlanadigan obyektlar ahamiyatiga ko‘ra quyidagi toifalarga bo‘linadi:
I toifa – xavflilik omili past bo‘lgan obyektlar;
II toifa – xavflilik omili o‘rtacha bo‘lgan obyektlar;
III toifa – xavflilik omili yuqori bo‘lgan obyektlar;
IV toifa – xavflilik omili juda yuqori bo‘lgan obyektlar.
O‘zbekiston hududida seysmik xavfni baholash Fanlar akademiyasi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Seysmik faol zonalarda joylashgan, qurilish normalari va qoidalariga muvofiq loyihalashtirilgan hamda qurilgan II–IV toifadagi obyektlar har 5-yilda zilzilabardoshlikka doir vizual tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Seysmik faol zonalarda joylashgan III–IV toifadagi obyektlar har 10-yilda zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.
Seysmik faol zonalarda yangi qurilgan III–IV toifadagi obyektlar ishga tushirilayotganda zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan majburiy tartibda o‘tkaziladi.
IV toifadagi obyektlarga taalluqli suv omborlari to‘g‘onlarida va gidroelektrostansiyalarda instrumental-texnik tekshiruvlar bir yilda ikki marta o‘tkaziladi.
Namanganda 4 balli zilzila sodir bo‘ldi
Suv omborlari to‘g‘onlarining instrumental-texnik tekshiruvlari seysmik faol hududlarda sodir bo‘lgan har bir kuchli zilziladan keyin majburiy tartibda o‘tkaziladi.
Qonunga ko‘ra, kuchli zilzilalar natijasida yetkazilgan zararni baholashga doir ishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.