TOShKENT, 13 sen – Sputnik. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida “Matiz” haydovchisi 12 yoshli qizni urib yubordi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.
Hodisa 11-sentabr kuni soat 08:45 da N1583 Tortuli – Gazarak – Yorman avtomobil yo‘lida ro‘y bergan. Yuqori tezlikda harakatlanayotgan “Matiz” avtomobili yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni urib yuborgan. Shundan so‘ng haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, mashina yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.
Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan qiz shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, 1985-yilda tug‘ilgan haydovchi va uning yonida bo‘lgan yo‘lovchi ham shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, ushbu yo‘l mahalliy ahamiyatga ega bo‘lib, bu yerda harakat tezligi soatiga 70 kilometr bo‘lishi kerak. Bu qismda dislokatsiyada piyodalar o‘tish yo‘lakchasi o‘rnatish ko‘rsatilmagan. Hozirda bu yerda aholi gavjumligi hisobga olib, yo‘lakcha o‘rnatishga kelishib olingan.
Viloyat YHXB bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Turdiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu joyda piyodalar yo‘lakchasi tashkil etish va tezlikni cheklovchi belgilar o‘rnatish yuzasidan Sariosiyo tuman hokimligiga so‘rovnoma kiritilgan.