TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Rosselxoznadzor O‘zbekiston Respublikasi o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan mevalar yetkazib berish masalasida muzokara o‘tkazdi.
Idora tomonidan O‘zbekistondan olib kelingan tuksiz shaftolilarda (nektarin) zamburug‘li kasallik aniqlanishi bunga sabab bo‘ldi.
“Rossiya tomoni O‘zbekiston nektarin partiyalarida YeOII a’zo-davlatlari uchun karantin bo‘lgan zamburug‘li kasallik - qo‘ng‘ir monilioz chirish (Monilinia fructicola) aniqlaganini ma’lum qildi”, - deyilgan xabarda.
Qizig‘i shundaki, ilgari bu karantin obyekt o‘zbek mevalarida aniqlanmagandi.
Rossiya tomoni tekshiruv o‘tkazish, tuksiz shaftolilarning kelib chiqishini aniqlash va faqat "toza" hududlarda yetishtirilgan mevalarni yetkazib berishga chaqirdi.
Rosselxoznadzor ta’kidlashicha, qo‘ng‘ir monilioz chirish kasalligi nafaqat danakli mevalarga, balki po‘chog‘li urug‘i bo‘lgan ekinlariga ham ta’sir qiladi - bularning hammasini O‘zbekiston tomoni sinchkovlik bilan tekshirib chiqishi kerak.
"Muloqotning yana bir masalasi - o‘zbek mahsulotlarida sharqiy mevaxo‘r kapalaklar (Grapholitha molesta Busck.) aniqlanishi. O‘zbekiston tomoni mahsulotlarda bu hasharot haqida import qiluvchi davlatlardan kelgan xabarlar sonining ko‘payganini tasdiqladi, uni tarqalishini oldini olish bo‘yicha dasturga tuzatish kiritish rejalashtirilgan”, - deb qo‘shimcha qildi idorada.
Ilgariroq qo‘ng‘ir monilioz chirish kasalligi Ozarbayjondan olib kelingan tuksiz shaftoli va o‘riklarning ayrim partiyalarda aniqlangandi.