TOShKENT, 13 sen - Sputnik. O‘zbekistonning 14 ta hududida IT-texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston prezidenti matbuot-kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Asadov, o‘tgan hafta yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilganini aytdi.
Ma’lumki, 2019-yil noyabrda "Bir million dasturchi" loyihasi boshlangan edi. Hozirgacha bu loyiha doirasida 567 ming o‘g‘il-qiz bepul saboq oldi.
Yig‘ilishda hali ko‘p maktablarga, yoshlarga bu dastur yetib bormagani tanqidiy ko‘rsatib o‘tildi, deya ta’kidladi prezident matbuot-kotibi.
"Davlatimiz rahbari birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerakligini ta’kidladilar. Shuningdek, 14 ta hududda IT-texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shu sohada saboq beruvchi o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi", - dedi Asadov.
Yig‘ilishdagi shuningdek, prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish haqida ham so‘z borgan.
Muallimlarining malakasini oshirib borish maqsadida Toshkent shahrida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Andijonda uning hududiy filiali tashkil etilishi yana bir xayrli tashabbus bo‘ldi, deya aniqlik kiritdi Asadov.