Mirziyoyev saratonni davolaydigan dorilarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni buyurdi

O‘zbekiston yetakchisi endilikda ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish vazifasini qo‘ymoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev onkologik, gormonal, qon preparatlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deb xabar qildi bugun, 13-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda prezident matbuot-kotibi Sherzod Asadov.
"Prezident tomonidan berilgan eng katta topshiriqlardan biri murakkab komponentli dorilarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha bo‘ldi. O‘zbekistonga chetdan olib kelinayotgan dorilar tahlili ham shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning 51 foizi jenerik, 39 foizi biopreparatlardir. Onkologik, gormonal, qon preparatlari kabi bu vositalar narxi juda qimmatligi bemorlarga ham qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun prezident zarur texnologiyalarni olib kelib, bunday dori-darmonlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar", - dedi Asadov.
Buxorolik farmatsevt dorivor o‘simliklarni o‘zi yetishtirmoqda
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevning aytishicha, mamlakatda 2022-2026 yillarda qiymati 1,25 milliard dollarlik 104 ta investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilishi mo‘ljallangan.
Ular orasidan onkologiyaga qarshi dorilarni ishlab chiqarish, vaksinani mahalliylashtirish singari loyihalar o‘rin olgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni ishlab chiqarishni yaxshi yo‘lga qo‘ygan korxonalarni tanlab olib, korxonalarni tanlab olib, ushbu korxonalarga yana qo‘shimcha yer ajratish, kerakli infratuzilma, kredit, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish singari masalalarda ko‘mak berish rejalashtirilgan.
Yuqorida aytilgan loyihalar natijasida 376 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanib, 84 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi hisob-kitob qilingan.
Toshkent viloyatida Farmatsevtika texnik universiteti tashkil etiladi
"Eng muhimi, 9 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi. Prezidentimiz bu loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini ta’kidlab, ularni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi", - deydi Kariyev.
O‘zbekistonda 2017-yilda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tuzilgan bo‘lib, dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, yangi korxonalar tashkil etish uchun keng sharoitlar yaratildi.
Bularning natijasida minglab dori vositalari va tibbiy buyumlarni mamlakatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Umumiy ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobar oshdi va ichki bozorni 55 foizga ta’minlashga erishildi.
O‘zbekiston yetakchisi endilikda ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish vazifasini qo‘ymoqda.