TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Internetda Toshkent shahrida IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasida janjal yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Poytaxt IIBB matbuot xizmati voqeaga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 12-sentabr kuni taxminan soat 12:20 larda Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va KHAY ko‘chalari kesishmasida ro‘y bergan.
Shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari 35 yoshli “Cobalt” haydovchisi B.U.ni yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun to‘xtatishgan. Unga nisbatan tegishli bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida yo‘l chetida to‘xtab turgan avtomobil haydovchisi 29 yoshli T.R. bu ishga aralashgan va xodimlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan. T.R. janjal ko‘tarib, IIO xodimiga tan jarohati yetkazgan.
Huquqbuzarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yish maqsadida yaqin orada xizmat olib borayotgan PPX xodimlari yetib kelishgan. IIO xodimlari T.R.ni yaqin oradagi IIBga olib ketish uchun transport vositasiga o‘tqazish jarayonida aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Janjal ishtirokchilari Chilonzor tumani IIO FMBga olib borilgan. Hozir tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Idora ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatganlarning qilmishiga huquqiy baho berilishi va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini bildirgan.