"Yashil politsiya": O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilishning yangi tizimini yaratmoqda

O‘zbekiston poytaxti va regionlari markazlarida eko-politsiya patrullari paydo bo‘ladi. U qanday vazifalarni o‘z zimmasiga olishi haqida Sputnik muxbiri materialida
Sputnik
O‘zbekistonda ekologiya politsiyasini tashkil etish taklifi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 24-avgust kuni respublikadagi ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha o‘tkazilgan tanqidiy ruhdagi video-selektor yig‘ilishida o‘rtaga tashlangan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, respublikaning aksariyat viloyatlarida birin-ketin "yashil politsiya" patrullari paydo bo‘layotgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu tashabbus darhol o‘z tarafdorlarini topdi, albatta. Internet foydalanuvchilarining aksariyati "yashil politsiya" ayni vaqtida tashkil etilayotgani haqida fikrlar hozirgacha bildirilmoqda.
Daraxtni deb yuzaga kelgan janjaldan so‘ng Ekopartiya rahbari hodisa joyiga bordi
Shu bilan bir qatorda aksariyat fuqarolarni "yashil politsiya" o‘zi kim va u qanday vazifani bajarishi haqida savollar qiziqtira boshladi.
O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov Sputnik O‘zbekiston tahririyatining bu borada yuborgan so‘roviga "ayni vaqtda mamlakatda eko-politsiyani tashkil etish bo‘yicha farmon loyihasi ustida ish olib borilayotgani, bu shtat tarkibiy tuzilmasi, vazifalari, qonunlarga kiritilishi nazarda tutilgan o‘zgarishlar singari masalalarni o‘z ichiga qamrab olishini" ma’lum qildi.
G‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, farmon loyihasi ustida ish olib borilayotgan bir vaqtda, respublika regionlarida allaqachon "yashil patrullar" tizimi joriy etilishi boshlab yuborilgan. Ular qo‘shma guruhlardir.
Bu yil 1300dan ziyod tup qimmatli daraxt kesib tashlandi
"Post patrul xizmati va Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlaridan iborat qo‘shma guruhlar shakllantirilmoqda. Ular hozircha joylardagi vaziyatni o‘rganish, ekologiya sohasida qonunbuzarlik holatlarini oldini olish bilan shug‘ullanadi", - deya aniqlik kiritdi G‘iyosov.
Ekologiya partiyasi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov Sputnik muxbiriga O‘zbekistonda tashkil etilayotgan "eko-politsiya" patrullari tashabbusiga izoh berar ekan, respublikada ekologiya tizimli choralarga muhtoj holatga kelganini ta’kidladi.
Sanginovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ko‘pchilik bir holatni yaqqol kuzatmoqda - Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining atrof-muhitni muhofaza qilishga kuchi yetmayapti, ba’zi vaqtlari bu ishga qo‘li ham tegmayapti. Kadrlar masalasi juda dolzarb bo‘lib qolgan, deydi u.
Toshkent viloyatida yirik eko-aksiyaga start berilmoqda
"Ekologiya partiyasi eko-politsiya patrullarini tashkil qilish masalasini uzoq vaqtdan buyon ko‘tarib kelgan. Chunki Ma’muriy va Jinoyat kodekslarida belgilangan choralar bor, mana shu choralar amalda qo‘llanilishini oxiriga yetkazish lozim. Hozirda yozilgan, ammo undirilishi amalga oshirilmagan katta qarzdorlik mavjud. Eko-politsiya yordamida esa bu qarzdorlikni sud va boshqa mutasaddi organlar orqali undirish tezlashadi. Davlat budjetiga qo‘shimcha mablag‘ keladi", - deya tushuntirdi Sanginov.
Ekologiya sohasida ishlagan va o‘z ismi sir qolishini istagan mutaxassisning Sputnik O‘zbekiston muxbiriga aytishicha, bugun tizimda eng katta va og‘riqli muammo - bu kadrlar masalasidir. Sohada faoliyat yuritadigan xodimlarning aksariyati - nomutaxassislar. Agar, eko-politsiya patrullari tashkil etish taklif qilingan ekan, bu tizimni yaratishda jahon tajribasini sinchkovlik bilan o‘rganish va puxta o‘ylash kerak bo‘ladi. Toki "yashil posbonlar" tizimi vazifasi faqatgina yig‘ilib qolgan qarzdorlikni undirib berishdan iborat bo‘lib qolmasin, balki tom ma’noda tabiatni muhofaza qilsin. Buning uchun O‘zbekiston kadrlar tayyorlashga chuqur e’tibor berish bilan bir qatorda, xalqaro hamkorlikni faol yo‘lga qo‘yishi kerak, dedi suhbatdosh.