TOShKENT, 7 sen – Sputnik. Rossiya hozirda “Tolibon”* harakatini tan olish borasida hech qanday qaror qabul qilmagan. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Bilasizmi, hozircha toliblarni tan olish borasida hech qanday qaror qabul qilinmagan. Qolaversa, siz ham bilasizki, haqiqatdan u yerda nimalar sodir bo‘layotganini diqqat bilan kuzatapmiz. Asosiysi esa biz hozircha toliblarning va’dalari, ularning bayonotlari qanchalik ularning kelgusidagi xatti-harakatlariga mos kelishini tushunishga urinyapmiz”, - deya javob berdi Peskov toliblarning Rossiya tomonini Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e’lon qilishda ishtirok etishga taklif etgani haqidagi savolga.
Peskov Moskva uchun toliblar davridagi Kobuldagi siyosiy tizim ham tizimli, ham shaxsiy jihatdan qanday bo‘lishini anglash muhimligini ta’kidladi.
6 sentabr kuni “Tolibon”* vakili Al Jazeera telekanaliga ular yangi afg‘on hukumati tarkibini e’lon qilishga bag‘ishlangan tadbirga Rossiya, Turkiya, Xitoy, Eron, Pokiston va Qatarni taklif qilishganini ma’lum qilgan edi.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti