TOShKENT, 7 sen – Sputnik. Surxondaryo viloyati hududidagi harbiy qismlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari bilan aviatsiyaning intensiv uchish hududlarida dala o‘quv yig‘ini o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘in Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosarining tegishli buyrug‘iga asosan o‘tkazilmoqda. Hozirda “Termiz” dala o‘quv maydonida ana shunday o‘quv-uslubiy yig‘in boshlandi.
“Dala o‘quv yig‘inini o‘tkazishdan asosiy maqsad to‘plangan tajribalarni yanada mukammallashtirish, jangovar harakatlarni tashkillashtirish va ularni zamonaviy sharoitlarda har tomonlama ta’minlash bo‘yicha egallangan bilimlarni mustahkamlashdan iboratdir”, - deyilgan xabarda.
Yig‘in ishtirokchilari bilan saf tayyorgarligi, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yangicha usullarda olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Saf tayyorgarligi davomida harbiy xizmatchilarning ust-boshi, hujjatlari, qurollari ko‘rikdan o‘tkazildi.