TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Yilning eng nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri bo‘lmish VII Xalqaro armiya o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ham munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarni qayd etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Kecha, 4-sentabr kuni, Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan “Patriot” bog‘ida musobaqaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchi davlatlar jamoa a’zolari, harbiy delegatsiya vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Joriy yilning 22 avgust kunidan 4-sentabriga qadar dunyoning 11 ta davlati hududida o‘tkazilgan musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi qatnashdi. 5000 nafardan ziyod harbiy xizmatchilar o‘zaro kuch sinashdi.
O‘zbekiston jamoalari ham ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishi bo‘yicha munosib ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur bellashuvlar davomida o‘zbekistonliklar 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida Rossiyadan keyin faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Xususan:
“Sodiq do‘st” erkaklar jamoasi – 1 ta oltin;
“Sodiq do‘st” ayollar jamoasi – 1 ta oltin;
“Harbiy-tibbiy estafeta” jamoasi – 1 ta oltin;
“Dala oshxonasi” jamoasi – 1 ta oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Kumush medali:
“Elbrus halqasi”;
“Merganlik marrasi”;
“Otliq marafon”;
“Qurolsoz usta”;
“Xavfsiz muhit”;
“Muhandislik formulasi”;
“Xavfsiz marshrut”;
“Qutb yulduzi”;
“Qo‘shinlar razvedka a’lochisi”.
Bronza medali:
“Avtozirhli tank-texnika ustasi”;
“Ishonchli qabul”;
“Yo‘l patruli”;
“Sayan yurishi”.
Rekordlar
Aytish kerakki, mazkur musoboqalar davomida jamoalar tomonidan jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo‘lib, shundan 10 tasi O‘zbekiston hisobiga yozildi.
Xususan, “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida o‘zbek harbiylari 3 ta rekord natijalarini yangiladi.
Jumladan, kichik serjantlar Sanjar To‘qliyev, Abdumuxtor Abdug‘aniyev va Azimjon Ibragimovlar “Tog‘ to‘siqlar yo‘lagi” shartini 12 daqiqa 58 soniyada bajarib, rekord natija ko‘rsatgan bo‘lsa, “Muzli hududdan o‘tish” shartini ado etishda ham jamoa peshqadamlik qildi. O‘zbekistonliklar mazkur vazifani 11 daqiqayu 37 soniyada uddalab, rekordlar seriyasini davom ettirdi.
“Sodiq do‘st” jamoasida serjant Ulug‘bek Nurillayev “300 metrlik to‘siqlarni xizmat itlari bilan o‘tish” shartida 1 daqiqa 13 soniya bilan bosib o‘tib, tengsiz ekanini amalda namoyon etdi hamda rekord o‘rnatdi.
“Merganlar marrasi” musoboqasining “Yakka sinov” bellashuvida kichik serjant Fazliddin Kirgizov “Mo‘ljalga olish nuqtasini o‘zgartirib otish” mashqini 15 daqiqayu 6 soniyaga bajarib, yangi rekord natija ko‘rsatdi.