TOShKENT, 2 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Toshkent shahrida o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida ITB prezidenti Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 30-yilligi bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot, farovonlik va ravnaq tiladi.
Pandemiya boshlanganidan buyon ilk bor Bankning eng muhim tadbiri shu kunlarda poytaxtimizda jonli ravishda o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yuqori darajadagi ushbu forumda ITBga a’zo mamlakatlar hukumatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmon doiralar va nufuzli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari ishtirok etmoqda. Onlayn va offlayn shakldagi tadbirlarda 4,5 ming nafarga yaqin delegat qatnashmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi Muhammad Al-Jassirni ITB prezidenti lavozimiga saylangani bilan yana bir bor tabrikladi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbari ITB bilan sheriklikning izchil kengayib borayotganini yuksak baholab, Bank O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlarning yangi dasturini qo‘llab-quvvatlayotgani va uni ilgari surishga muhim hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi.
Bugungi kunda amaliy hamkorlik portfeli transport, uy-joy kommunal infratuzilma, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, tadbirkorlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan qiymati 2,5 milliard dollarga yaqin bo‘lgan 29 ta loyihadan iborat.
Uchrashuvda ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish hamda Toshkent shahrida Bankning to‘laqonli vakolatxonasini ishga tushirish, moliyalashtirish instrumentlari samaradorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi.
Yangi tashkil etilayotgan O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi faoliyati xususiy tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar farovonligini oshirish uchun samarali mexanizm bo‘lib xizmat qilishiga umid bildirildi.
O‘zbekiston va ITB o‘rtasidagi strategik sheriklik va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro yaqindan ishlash va faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.