Mirziyoyev ITB boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida Qur’ondan iqtibos keltirdi

Prezident Islom taraqqiyot banki (ITB) boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlayotib, Qur’oni Karimning Sharh surasidan iqtibos keltirdi.
Sputnik
TOShKENT, 2 sen – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida bugun insoniyat koronavirus pandemiyasi sabab katta sinovlarni boshidan kechirayotgani qayd etdi. Davlatlar uning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
“Kovid pandemiyasi biz faqat uzviy hamkorlik va o‘zaro ko‘maklashish orqali zamonaviy muammolarga qarshi tura olishimiz mumkinligini ko‘rsatdi. Darhaqiqat, Qur’oni Karimning Sharh surasida aytilganidek, “Mashaqqat ortida, albatta, yengillik bordir”, - dedi Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon miqyosida hanuz davom etayotgan pandemiya – bu nafaqat katta sinov, balki hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga sharoit yaratadigan imkoniyat sifatida qabul qilinishi lozim.
Prezident inqirozga qarshi ishlab chiqqan choralarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlagani uchun Islom taraqqiyot bankiga minnatdorlik bildirib, buni yuksak qadrlashini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi - tafsilotlar
Bugungi kunga qadar bank tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi hamda qishloq joylarda arzon uy-joylarni qurish uchun jami 2,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta yirik investitsiya loyihalari ma’qullangan.