TOShKENT, 1 sen – Sputnik. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga erishdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida mustaqillikning 30-yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda. Mamlakat 2019-yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli a’zo bo‘lgan. Bu respublika uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi.
“O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga erishdi”, - dedi prezident.
Davlat rahbari O‘zbekiston bu yil ShHT raisligini qabul qilib olishi va uning kelgusi yili o‘tadigan Sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rilishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020-yil dekabrida YeOII kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan edi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan beri faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro integratsion iqtisodiy birlashma. Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston unga a’zo.