TOShKENT, 30 avg – Sputnik. Kecha, 29-avgust kuni, Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida paradzudo dasturi o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallashgan. Mamlakat paradzudochilari 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Uchqun Quronboyev (-66 kg) va Feruz Sayidov (-73 kg) oltin medalga sazovor bo‘lgan holda Paralimpiya chempioni bo‘lgan. Dovurxon Karomatov (-81 kg) va Parvina Samandarova (-57 kg) kumush medalga ega chiqqan. Sharif Xalilov (-100 kg) va Nafisa Sheripboyeva (-63 kg) mamlakatga “bronza” taqdim etgan.
Ta’kidlanishicha, paradzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga jami 12 nafar sportchi bilan yo‘l olgan edi. Shulardan 7 nafari erkaklar, 5 nafari ayollar.
Tokio shahriga yetib borgach, 3 nafar paradzudochi – Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva hamda Vasila Aliboyevada koronavirus aniqlandi va shu sababli ular musobaqada ishtirok eta olishmadi. Yana bir sportchi Shuhrat Boboyev bronza medali uchun bellashuvni davom ettirayotgan edi, biroq kutilmagan jarohat tufayli u ham kurashdan chiqdi. Shirin Sharipov esa hakamlar tomonidan raqibiga nisbatan qoidaga zid usulni qo‘llagani uchun chetlatildi.
“Shunga qaramasdan, tatamida haqiqiy iroda namoyish eta olgan O‘zbekiston para dzudochilari umumjamoa hisobida Buyuk Britaniya, Eron va Braziliya kabi terma jamoalarni ortda qoldirishga erishdi”, - deyilgan xabarda.