TOShKENT, 26 avg — Sputnik. “Forish” tog‘ poligonida ArMI-2021 xalqaro armiya o‘yinlari davom etmoqda.
O‘zbekiston jamoasi dasturdan o‘rin olgan “Dala oshxonasi” musobaqasining “Taom tayyorlash” sharti ilk bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.
Bu bosqich “Berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan erkin taom tayyorlash” deb nomlanadi. Unda jamoalar mavjud masalliqlardan 4 soat davomida tovuq va mol go‘shtidan taom, gazak va sharbat tayyorlash mahoratini namoyish etishdi. Bu jarayonda harbiy oshpazlarning 20 kishiga mo‘ljallangan taom pishirishi, gigiyena qoidalariga rioya etishi, taomning ko‘rinishi, ta’mi va hidi, bezatilishi kabi jihatlarga e’tibor qaratildi.
Yakunda jamoalarning tayyorlagan taomlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, quyidagi natijalar qayd etildi: O‘zbekiston - 188 ball, Rossiya - 176 ball, Belarus - 151 ball, Tojikiston - 139 ball, Vyetnam - 137 ball.
Bugun jamoalar baliq mahsulotlaridan taom tayyorlash bo‘yicha bellashadilar.