TOShKENT, 24 avg – Sputnik. Tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga ajratilayotgan 10 mingta shtat doirasida har bir tuman (shahar) hududidan kelib chiqib 5 ta ishchidan iborat daraxtlarni saqlash bo‘yicha guruhlar tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Keskin tanqidiy ruhda o‘tayotgan yig‘ilishda davlat rahbari sohadagi muammolarni ko‘rsatib o‘tdi.
Bu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan Ekologiya qo‘mitasi, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 4-yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori meyordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, hududlarda “yashil maydon”lar 3-4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketdi.
Prezident Toshkent shahri tumanlari, viloyat markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar va ekinlar mahalliy iqlimni inobatga olmasdan, pala-partish ekilayotgani bois kundan-kunga qurib borayotgani, tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani, shahar ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketgani bilan hech kimning ishi yo‘qligini qattiq tanqid qildi.
Har bir mahallaga daraxtlarni parvarishlash uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 1 nafardan ishchi biriktirilishi belgilandi.