TOShKENT, 23 avg - Sputnik. Toliblar Afg‘oniston Markaziy banki "Da Afganistan bank" (DAB)ning yangi rahbar vazifasini bajaruvchisini tayinlashdi. Bu tayinlov bankning oldingi boshqaruvchisi Ajmal Axmadiy xavfsizlik nuqtayi-nazaridan mamlakatni tark etganidan so‘ng amalga oshirildi, deb xabar bermoqda afg‘on Pajhwok agentligi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bankni Muhammad Idris boshqaradi. Ilgariroq u "Tolibon"*ning iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissiyasiga rahbarlik qilgan.
Xabarda aytilishicha, Idris DAB boshqaruvchisi v.b. etib "davlat muassasalari faoliyatini tashkilashtirish, bank masalalari hamda aholining boshqa masalalariga yechim topish maqsadida" tayinlangan.
Avgust oyining o‘rtalarida Axmadiy mamlakatni "ehtiyot chorasi" tariqasida tark etgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on hukumati juda tez quladi. Axmadiy prezident Ashraf G‘anini u o‘tish davri rejasini tayyorlamagani uchun "kechira olmasligini" aytgan edi.
AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqarilgach, "Tolibon"* harakati jangarilari mamlakat hududini bosib olishni boshladilar va 15-avgust kuni Qobulga kirib keldilar.
Respublika prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi. Vitse-prezident Amrulla Solix o‘zini vaqtinchalik davlat rahbari deb e’lon qildi va afg‘on poytaxti shimolidagi hududlarda toliblarga qarshi harakatlarni tashkillashtirdi.
Sal avval "Tolibon"* harakatining yuzlab a’zolari o‘zlarining nazoratida bo‘lmagan Panjsherga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rishayotgani haqida xabar bergan edik.
* Rossiyada ta’qiqlangan terrorchi tashkilot.