TOShKENT, 23 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 23-avgust kuni, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) sammitida mehmon sifatida ishtirok etadi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov brifing davomida ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
“Afg‘onistonda rivojlanayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda hamda qo‘shni davlatlarning bu boradagi harakatlarini chuqur o‘rganish va tahlil qilish maqsadida prezidentimiz bugun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining videoanjuman shaklida tashkil etiladigan yig‘ilishida mehmon sifatida ishtirok etadi”, - dedi Asadov.
KXShT sammiti 23-avgust kuni Afg‘oniston masalasi yuzasidan onlayn tashkil etiladi. Yig‘ilish Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligi ostida bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston KXShTga a’zo emas.
Afg‘onistondagi vaziyat
Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashgan: so‘nggi haftalarda toliblar* hududlarni faol bosib olishni boshlab yuborgan va chegarada nazoratni qo‘lga olgan.
15 avgust kuni “Tolibon”* a’zolari poytaxt Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab oldi. Amaldagi davlat rahbari Ashraf G‘ani “qon to‘kilishining oldini olish maqsadida” Afg‘onistonni tark etdi. Hozir u BAAdan boshpana topgan.
16 avgustga o‘tar kechasi toliblar* siyosiy ofisining vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda urush yakunlanganini, davlat boshqaruv shakli esa tez orada aniq bo‘lishini ma’lum qildi.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti