Toshkentda evakuatsiya qilingan afg‘onistonlik ayol farzandli bo‘ldi

O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinayotgan afg‘onistonlik homilador ayol farzandli bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 21 avg — Sputnik. O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinayotgan afg‘onistonlik homilador ayol farzandli bo‘ldi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Afg‘onistondan 2 mingga yaqin chet el fuqarolarini evakuatsiya qilishda yordam berdi
Xabarda aytilishicha, kuni kecha 1999-yilda tug‘ilgan afg‘onistonlik fuqaro E.A. “Homiladorlik 1. Tug‘ruq 1. 39-40 hafta.” tashxisi bilan tez tibbiy yordam brigadasi orqali I.Irgashev nomidagi Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga yotqizilgan edi.
Kecha oqshom 22 yoshli E.A. ilk farzandini dunyoga keltirdi. Afg‘onistonlik yosh ona 3 kilogramm 840 gramm vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘lini o‘zbek shifokorlari yordamida qo‘liga oldi. U ma’lum muddat mutaxassislar nazoratida bo‘lib turadi.