TOShKENT, 18 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbatda yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar hamda Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
Ushbu mamlakatda keskinlik va zo‘ravonlikning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, afg‘on mojarosini siyosiy yo‘l bilan tartibga solishni xalqaro hamjamiyat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalarida ikki mamlakatning pozitsiya va yondashuvlari mos ekani alohida ta’kidlandi.
“Fuqarolarni Afg‘onistondan aviatsiya transportida O‘zbekiston hududi orqali tranzit yo‘li bilan Germaniyaga evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yaqindan muvofiqlashuvni va faol idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhim ekani qayd etildi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, mintaqadagi vaziyatning yanada rivojlanishi bo‘yicha oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Kecha Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ham Afg‘onistondan Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish masalalarini muhokama qilgan edi.