Mehnat bozorida Rossiya OTMlari filiallari bitiruvchilariga talab qanchalik yuqori?

O‘zbekistonda Rossiyaning qator oliygohlari faoliyat yuritadi. Bugungi kunda bu filial bitiruvchilari hayotda o‘z o‘rinlarini qanchalik topa olishmoqda?
Sputnik
TOShKENT, 17 avg – Sputnik. Rossiya oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistonga kirib kelishi 2002-yilda boshlangan edi. O‘shanda ilk qaldirg‘och sifatida Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Birin-ketin Lomonosov nomidagi MDU (2006 yil) hamda Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (2007 yil) filiallari tashkil etildi. So‘nggi to‘rt yilda esa keskin o‘sish yuz berdi va jami Universitetlar soni 12 taga yetdi. Bugungi kunda Rossiya bilan hamkorlikda yigirmadan ziyod yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Mehnat bozorida bu mutaxassislarga talab qanchalik yuqori? Sputnik muxbiri bu savolga javob izladi.

Muvaffaqiyatlar kaliti – ustozlar bergan bilimda

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy 2020-2021 o‘quv yili uchun mamlakatdagi Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallarida 2180 ta kvota ajratilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonning 34 ta oliy ta’lim muassasasida rossiyalik hamkasblar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Yana bir e’tiborli raqam – har yili 200 nafardan ko‘proq o‘zbekistonlik yoshlar Rossiya federal budjeti hisobidan grant asosida ushbu mamlakat oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadi.
Bu yilgi abituriyentlar sonining keskin kamayishi sababi nimada
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Behzod Tagayevning so‘zlariga ko‘ra, “...ular (bitiruvchilar – tahr.) hali o‘qishni tugatmasdan avval ish bilan bandligi ta’minlanadi”.
Ana shunday muddatidan oldin ish joyini topgan yosh mutaxassislardan biri – I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bitiruvchisi Murodjon Usmonov.
“O‘qishni 2014-yilda tamomlagan edim. Yo‘llanma bo‘yicha Buxoro geofizika ekspeditsiyasi filialida oddiy texnik lavozimida ish boshladim. To‘rt yil deganda Sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va ekologiya xizmati boshlig‘i lavozimiga ko‘tarildim. Maoshim ham shunga yarasha... Kursdoshlarim orasida kimdir ishsiz qolib ketgani yoki hayotda o‘z o‘rnini topa olmagani haqida eshitmaganman. Muvaffaqiyatlarimiz kaliti – ustozlarimiz bergan bilimda. Maxsus fanlar bo‘yicha Rossiyadan o‘qituvchilar kelib imtihon qabul qilishgan. Talablar juda yuqori – ulardan “a’lo” olish oson emas...”, - deydi Usmonov.
O‘zbekiston Markaziy banki Ijro apparati boshqarmasi boshlig‘i Shohrux G‘aybullayevning so‘zlariga ko‘ra, u 2016-yilda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filialini tamomlagan. O‘sha yili Markaziy bankka ishga qabul qilingan.
“Sho‘’ba mudiri, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i kabi lavozimlarda ishladim, bugungi kunda Ijro apparati boshqarma boshlig‘iman. Ilmiy faoliyatim ham to‘xtab qolgani yo‘q. Hozir sun’iy intellekt yordamida katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish ustida ish olib borayapman. Bu iqtisodiy samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirishda qo‘l keladi. Amaliyotda qo‘llab ko‘rdim – dastlabki natijalar chakki emas.Universitetda fidoyi o‘qituvchilar qo‘lida ta’lim olish baxti nasib etgan. Diplom ishi yozayotganimda ustozim kech soat sakkiz-to‘qqizgacha men bilan o‘tirib ishlar edi... O‘zbekistonda bank sohasini raqamlashtirish, sohaga sun’iy intellektni olib kirishni orzu qilaman”, - deya rejalari bilan o‘rtoqlashadi u.
Ayrim OTMlarda “Sun’iy intellekt” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi
Yana bir “Plexanov”ni tamomlagan Malika Rahimova hozirda "LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” xodimidir. U universitetni ikki yil oldin qizil diplom bilan bitirgan. Keyin “Lukoyl”ga ish yurituvchi bo‘lib kirgan.
“Hozir yetakchi hisobchiman. Kompaniya doirasida o‘tkazilgan ilmiy-texnik ishlanmalar tanlovida qatnashib, ikkinchi bosqichga o‘tdim. Agar g‘olib chiqsam, imkoniyatlar yanada kengayadi. Umuman, hayotda va ishda erishayotgan barcha yutuqlarim uchun Universitetimizdan minnatdorman. U yerda izlanuvchan yoshlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Dunyoning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislaridan ma’ruzalar tingladik, ta’limdagi eng ilg‘or innovatsiyalardan foydalandik. Menga filialimiz direktori, akademik Qalandar Abdurahmonovning o‘zi ilmiy rahbarlik qilgan edi”, - deydi Rahimova.
Darvoqe, maqola davomida Rossiya oliy o‘quv yurtlariga har yili grant asosida 200 dan ziyod o‘zbekistonlik talabalar qabul qilinayotgani haqida aytgan edik. Yangi 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston uchun kvota qariyb ikki baravar oshirildi va 405 o‘ringa yetdi.
Bundan tashqari, har yili Rossiyaning 50 ga yaqin universitetlaridan delegatsiyalar tashrif buyurib, o‘z oliy o‘quv yurtlaridagi ta’lim imkoniyatlari yuzasidan taqdimotlar, ko‘rgazmalar hamda bo‘lajak abituriyentlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Yana 1 500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik esa ko‘chma qabul komissiyalari orqali o‘qishga qabul qilinadi.
Toshkent shahridagi “A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi filiali ijrochi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Qahramon Olimovning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt yil ilgari respublikada bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish 27 foiz edi, bugungi kunda 60 foizdan oshgan.
“O‘z navbatida, pedagog kadrlarga bo‘lgan talab ham kuchaydi. Shuningdek, so‘nggi yillarda bog‘chalar va maktablarda rus tilidagi guruhlar soni ko‘payishi natijasida rus tili o‘qituvchilariga va rus guruhlari uchun tarbiyachilarga ehtiyoj yuqori bo‘lmoqda. Filialimiz 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab pedagogik ta’lim, pedagogika va ijtimoiy psixologiya, maxsus pedagogika, lingvistika (rus tilini o‘qitish nazariyasi, metodikasi va madaniyatlararo kommunikatsiya) kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi. Yuksak saviyali va yuqori mahoratga ega mutaxassislarni yetishtirish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oliy ma’lumotli kadrlar salmog‘ini oshirish; pedagoglarlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha uzluksiz seminarlar, treninglar va o‘quv kurslarini tashkil qilish; ta’lim va tarbiya jarayoniga innovatsion metodlarni va xorijiy tajribalarni joriy etishga e’tiborni kuchaytirish lozim, deb hisoblayman”, - deydi Olimov.
Umuman olganda, Rossiya OTMlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar soni 2018-yildagi 26 500 dan 30 264 nafarga yetdi. Ular mashinasozlik, energetika, jumladan atom energetikasi, axborot texnologiyalari, qurilish, tibbiyot, geologiya, kimyo va biotexnologiyalar kabi yo‘nalishlarda tahsil olishmoqda. Bu sohalar mamlakat taraqqiyoti uchun qanchalar ahamiyatli ekani haqida ortiqcha so‘zga hojat bo‘lmasa kerak.
Toshkentda Rossiya tibbiyot universiteti filiali ochiladi
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 11-yil davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarish, qurilish, aloqa va axborot, moliya hamda sug‘urta yo‘nalishlari eng ko‘p haq to‘lanadigan sohalar bo‘lib kelmoqda.
Bilimga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish oliy ta’lim sifati va yetishib chiqayotgan mutaxassislarning malakasi bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetdi. Bu mavzuda gapirganda, o‘sib borayotgan raqamlar, jumladan, Rossiya universitetlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari hisobiga shakllanayotganini ham nazarda tutamiz, albatta.