TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich 2014-yilda yuz bergan davlat to‘ntarishi sabablari haqida gapirdi va u "g‘arb loyihasi" bo‘lganini ta’kidladi.
Bu haqda sobiq davlat rahbarining murojaatida aytilgan. Murojaat matni RIA Novostiga taqdim etilgan.
24 avgust kuni Ukraina mustaqillikning 30-yilligini nishonlaydi. Yanukovich mamlakatni 2014-yilda, davlat to‘ntarishidan so‘ng tark etgan.
"Ham G‘arb, ham Rossiya bilan teng huquqli muloqot olib borishga harakat qilib, mamlakat doimo qiyinchiliklarga duch kelardi, uning ildizi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlay olmasligimizda emas, balki geosiyosiy ma’nodagi muammolarda edi. Oddiy sheriklik. Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi normal sheriklik munosabatlari G‘arbda, asosan AQShda, Rossiya Federatsiyasining jahon siyosatiga sobiq SSSR o‘ynagan rolda qaytishi mumkinligi tahdidi sifatida qaralar edi", - deyiladi murojaatnomada.
Sobiq prezident so‘zlariga ko‘ra, "Ukrainada ichki siyosiy zo‘riqishning kuchayishi va uning muxolifat va hozirgi hukumat o‘rtasida ochiq mojaroga aylanishi bu vaqt masalasi edi, xolos".
2014 yildagi davlat to‘ntarishi hukumatning "yumshoqliligi" natijasi emas edi, u "Ukraina Aksilrossiya" loyihasining hayotga tatbiq etilishi sifatida belgilab qo‘yilgandi, deb hisoblaydi Yanukovich.
""Biz so‘z erkinligini ushbu "erkinlik" davlatchilik poydevoriga putur yetkazgan holatlarda ham ta’minlagan edik. Biz G‘arbiy hududlar aholisining ular milliy qahramonlar deb hisoblagan kishilarga yodgorlik o‘rnatish huquqiga to‘sqinlik qilmaganmiz. Toki bu istak mamlakat janubi -sharqida yashovchilarning tarixiy xotirasini haqoratlashgacha borgan bo‘lsa-da. Biz millatchi tashkilotlar a’zolarini ta’qib qilmaganmiz, ular kun kelib davlatning bag‘rikengligini qadrlashlariga ishongan edik. Biz ko‘p narsalarga ko‘z yumgandik... Bu noto‘g‘ri siyosat bo‘lgan, deb o‘ylamayman. 2014-yilda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi bizning "yumshoqligimiz" natijasi bo‘lmagan edi. U "Ukraina Aksilrossiya sifatida" loyihasining hayotga tatbiq etilishi sifatida belgilab qo‘yilgan, agar biz buni fakt sifatida qabul qilsak, hammasi o‘z o‘rniga tushadi", - dedi Yanukovich.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya to‘g‘risida bitim imzolanishi muddatlarining kechiktirilishi "hokimiyatni noqonuniy bosib olish va Rossiyaga qarshi isteriya boshlanishiga signal" sifatida xizmat qilgan.
"Assotsiatsiya shartnomasini imzolashga shoshilganimizni tushunganimiz hamon, bizning raqiblarimiz har qanday holatda ham bu qarorni o‘tkazish payiga tushgani holatiga duch keldik. Oqibatlar ularni qiziqtirmas edi, chunki har qanday holatda ham biz bugun Ukrainada kuzatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy fojia uchun javobgarlik amaldagi hokimiyat zimmasiga yuklanar edi", -deb hisoblaydi sobiq prezident.
Kiyevning bosh maydoni - Mustaqillik maydoni - 2013-yil 21-noyabrda, Nikolay Azarov hukumati tomonidan YeI bilan assotsiatsiya shartnomasini imzolash to‘xtatilishi haqidagi e’londan so‘ng yevrointegrallashuv tarafdorlari tomonidan egallab olingan edi.
Keyinchalik maydon kuch tuzilmalari va radikallar to‘qnashuvi episentriga aylandi.
Yuzdan ziyod kishilar o‘limi uchun javobgarlikni Ukrainaning yangi hukumati o‘zining siyosiy opponenti Viktor Yanukovich va IIVning "Berkut" maxsus bo‘linmalari zimmasiga yukladilar.
Yanukovich va "Berkut" xodimlari ushbu qotilliklarga aloqadorligini rad etib kelishadi. Sobiq prezident tinch mitingchilarga qarata o‘q uzish buyrug‘ini bermaganini va hatto Kiyevdan militsiyaning barcha bo‘linmalarini chiqarib ketish topshirig‘ini berganini aytadi. Davlat to‘ntarishidan so‘ng "Berkut" maxsus bo‘linmasi tarqatib yuborilgan.