TOShKENT, 13 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etgan barcha sportchilarga va ayrim murabbiylarga pul mukofotlari taqdim etdi.
"Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi bo‘lmish Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishning o‘zi katta sharaf va mas’uliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha og‘ir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan o‘tish talab etiladi. <…>
Biz Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlari, ularning trenerlari hamda barcha ishtirokchilarni munosib taqdirlashga qaror qildik”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xususan, Olimpiadada ishtirok etgan bir sportchiga 5 ming AQSh dollardan, oltin medal sohiblariga 200 ming, bronza medallar sohiblariga 50 ming AQSh dollari miqdorida mukofot berildi.
Undan tashqari, prezident sportchilarni tayyorlashda fidoyilik ko‘rsatgan To‘lqin Qilichev, Pavel Xan, Farhod Mirzajanov, Nurali Qobulov, Muzaffar Abdurahmonov kabi tajribali murabbiylar nomini aytib o‘tdi va oltin medal olgan sportchining treneriga 40 ming AQSh dollaridan, bronza medal sohiblari murabbiylariga - 20 ming AQSh dollaridan mukofot berishga qaror qildik, dedi prezident.
Shuningdek, prezident kelajakla nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib chiqqan sportchilar va ularning trenerlariga 500dan 3 ming dollargacha mukofotlar berishga qaror qilinganini aytib o‘tdi.