TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Adliya vazirligi avtomobil yo‘llari sohasida moliyaviy ochiqlik va jamoatchilik oldida hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqdi. U muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.
Qaror bilan hamma uchun ochiq bo‘lgan “Shaffof yo’l” onlayn axborot platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushirish rejalashtirilgan.
Platformada avtomobil yo‘llari qurilishi bo‘yicha barcha davlat dasturlari va mahalliy dasturlar bir joyda jamlanadi.
Hujjatda yozilishicha, qurilishi va ta’mirlanishi rejalashtirilgan yo‘llarning barchasi onlayn-xaritada yaqqol ko‘rinib turadi, ya’ni ta’mirlanayotgan yo‘llar qandaydir “4K66” kabi tushunarsiz raqamlar bilan emas, balki shahar va ko‘cha nomigacha ushbu platformadan va mobil telefondan ko‘rib turish mumkin bo‘ladi.
Shu xaritaning o‘zida qurilishi yoki ta’mirlashni amalga oshirayotgan tashkilot, sarflanayotgan mablag‘, bajarilgan ishlarning ahvolini bevosita kuzatib borish imkoni paydo bo‘ladi.
Yo‘l jamg‘armalarining barcha tushumlari real vaqt rejimida platformada “onlayn-hisoblagich”da ko‘rinib turadi.
“Ya’ni masalan avtomobilingizni ro‘yxatdan o‘tkazganda yo‘l jamg‘armasiga to‘langan mablag‘ qayerga ketganligini shu zahoti bilib olsa bo‘ladi”, - deyilgan vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, aholiga yo‘llar nosozligi, harakatlanish uchun paydo bo‘lgan muammolar haqida foto- va videomurojaatlar qoldirish imkoniyati yaratiladi.
Adliya vazirligi jamoatchilikni mazkur hujjat loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirib qolgan. 26-avgustgacha fuqarolar o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.