Turizm nokdaunda, lekin taslim emas

O‘zbekistonda turizm sohasi og‘ir ahvolda, lekin yil boshidan buyon rossiyalik va mahalliy sayyohlar oqimi o‘sishi kuzatilmoqda.
Sputnik
Pandemiyadan eng ko‘p ziyon ko‘rgan sohalardan biri bu – turizm bo‘ldi. Mutaxassislarning BMT manbalariga tayanib berayotgan ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiyaning halokatli ta’siri oqibatida jahon iqtisodiyoti 2020-21 yillarda 4 trillion dollardan ko‘proq zarar ko‘rgan.
O‘zbekistonda ham sayyohlik industriyasi eng tez rivojlanib kelayotgan yo‘nalishlardan biri edi. Misol uchun, 2016-yilda yurtimizga 1,3 million nafar xorijlik fuqaro tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019-yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,7 million nafarga yetgan. Natijada, turizm xizmatlarining eksporti 3 baravarga oshib, 1,3 mlrd. dollarni tashkil qildi.
Turkiy davlatlarning yagona turizm kalendarini tuzish taklif etildi
Biroq o‘tgan yili boshlangan pandemiya nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoda bunday o‘sish tendensiyalarini yo‘qqa chiqardi. Ishsizlik dunyo bo‘yicha o‘rtacha 5,5 foizga, iqtisodi turizmga bog‘langan mamlakatlarda esa 15 foizgacha ortgani aytilmoqda. Qayd etilgandek, zararlar trillionlar bilan o‘lchanadigan bo‘ldi...
Lekin hayot davom etayapti. Mamlakat uchun nihoyatda salohiyatli sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 ga yaqin turli darajadagi hujjatlar qabul qilindi. Hamma gap ularning qanchalik ishlayotganida... Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-iyul holatiga turistik tashkilotlar soni 3 baravarga, oilaviy mehmon uylari qariyb 20 baravarga ortgan, o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Ammo asosiy savol – bu turistik tashkilotlaru yangi mehmon uylarida sayyohlar bormi?
Turizm sohasi nokdaun holatida bo‘lsa ham, lekin hozircha butunlay taslim bo‘lgani yo‘q. Sayyohlar soni 2019-yilga solishtirganda, ancha kamaygan bo‘lsada, lekin bor. 2020-yilda O‘zbekiston chegarasini 1,5 mln. xorijlik fuqaro kesib o‘tgan bo‘lsa, 2021-yilning olti oyda 900 ming, yil oxirigacha 1,7 mln bo‘lishi kutilmoqda.
Albatta, ushbu fuqarolarning barchasi ham O‘zbekistonga turizm maqsadida kelayotganlar emas. Odatda ularning 80%dan ortig‘i shaxsiy va boshqa maqsadlarda kelayotgan qo‘shni yoki MDH davlat fuqarolari bo‘ladi.
Fransiya O‘zbekiston turizm infratuzilmasini rivojlantirishga yordam beradi
Aynan turizm maqsadida kelayotgan sayohlar sonini bilish uchun O‘zbekistonning ikki sayyohlik durdonasi – Samarqand va Buxoroga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar soniga qaraymiz: Ro‘yi zamin sayqaliga so‘nggi ikki “pandemiya yili”da 52 000 va 54 500 nafar xorijlik yurtkezar tashrif buyurgan. Buxoroda esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 14 000 va 15 000 ni tashkil etadi. O‘zbekistonning yoz jazirasidan ko‘ra sayyohlar uchun yoqimliroq bo‘lgan kuz mavsumi oldinda turganini inobatga olsak, raqamlar sezilarli ortishi ehtimolga yaqin.
Undan tashqari, pandemiyaga qaramasdan O‘zbekistonda ichki turizm ham rivojlana boshladi. Xususan Samarqandga 2020-yilda 582 ming va 2021-yilning birinchi yarmida 1, 032 mln mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Buxoroga esa o‘tgan yilda 236 ming va 2021-yilning birinchi yarmida - 1, 236 mln mahalliy turistlar kelgan.
Tarmoq vakillari davlat tomonidan qanchalik qo‘llab- quvvatlanayapti? Prezident Farmoniga asosan mehmonxona va turoperatorlik tashkilotlarining xodimlarini saqlab turish maqsadida ularning oylik maoshlari to‘lab berildi. Olingan kredit to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, subsidiyalar ham bor. Buxoroda yangi mahsulot, yangi yo‘nalish taqdim etgan turfirmalar va gidlar 10 million hamda 5 million so‘m miqdorida rag‘batlantirildi.
Bu chora-tadbirlar kutilganidek samara berayaptimi? Ijobiy taraflarini yuqorida ko‘rib chiqdik. Ko‘ngil to‘lmayotgan jihatlari esa... Misol uchun, Samarqandda xodimlarning maoshini to‘lab berish yuzasidan sa’y-harakatlar 39 ta mehmonxona va turoperatorlarni qamrab olgan, xolos. Buxoroda esa 5 million so‘m ishlab olish imkoniyatidan atigi 10 foiz gidlar foydalangan...
G‘olibjon (buxorolik gid): 2020-yil biz uchun ayniqsa murakkab bo‘ldi. Men tanigan bironta gid ishlamadi, hisob. Joriy yilda ancha “jonlanish” bor. Bir oyda taxminan bir hafta band bo‘lyapmiz. Shunga ham xursandmiz – qozon qaynab turibdi. Misol uchun, 2019-yilda biron kun ishsiz o‘tirmas edik. Davlat tarafidan gidlarga qandaydir moddiy yordam ko‘rsatilgani haqida eshitmadim. Ayrim hamkasblarimiz ishini tashlab, boshqa sohalarga o‘tib ketishayapti...
O‘zbekiston va Tojikiston sayyohlar uchun “yashil yo‘lak” ochmoqchi
Gidlarning o‘z sohasini tark etishi haqiqatan ham tashvishli holat. Buxoro viloyati turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Bobokalonovning fikriga ko‘ra, bitta malakali gidni tayyorlash uchun taxminan 10-yil vaqt kerak bo‘ladi. Yaxshi gid – tirik ensiklopediya degani. Ularni imkon qadar saqlab qolish lozim. Aks holda, 2019-yilgi 600 minglik ko‘rsatkichga chiqish oson bo‘lmaydi.
Shuhrat aka (Toshkentdagi turistik firma rahbari): Bizning firmamiz unchalik katta emas, bor-yo‘g‘i bir nechta xodim ishlaydi. Bu yil yoz oylarida bironta ham turistga xizmat ko‘rsata olmadik. Boshqalarni bilmadimu, bizning firmamizga davlat tarafidan hech qanday yordam taklif qilinmadi, o‘zimiz ham madad so‘rab murojaat qilmadik. Kuzda ahvol yaxshilanishiga umid qilyapmiz. Sentabrda Rossiyadan 3-4 nafar sayyoh kutilyapti, shunga ko‘z tikib turibmiz...
Darvoqe, rossiyalik sayyohlar haqida. Turizm va sport vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda mamlakatimizga qariyb 456 000 nafar rossiyalik mehmon tashrif buyurgan. O‘tgan yili ko‘rsatkich 82 000 nafarga tushib ketdi. Lekin bu yil o‘sish bor. Olti oyi davomida ushbu mamlakatdan salkam 72 000 sayyoh ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston 2024-yilda turistlar uchun to‘liq ochilishga shay turishi kerak - ekspert
Bugungi kunda ekstremal turizm, gastronomik turizm kabi yo‘nalishlarning rivojlanib borayotganiga qaramasdan, O‘zbekistonning asosiy turistik salohiyati tarixiy yodgorliklar bilan bog‘liq. Ko‘p asrlik me’moriy obidalar va xalqimizning boy tarixi ko‘proq o‘rta va katta avlod vakillarini jalb etishi ham tabiiy holdir. Sohada o‘n yildan ortiq vaqt davomida faoliyat olib borayotgan suhbatdoshimizning fikriga ko‘ra, ko‘ngilochar turizmni xohlaydiganlar Tailand, Turkiya kabi davlatlarga, dengiz bo‘yi mamlakatlariga boradi. O‘zbekistonni tanlagan sayyohlarni esa, jumladan, rossiyaliklarni ham, birinchi navbatda, qadim yodgorliklar, Ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq maskanlar o‘ziga jalb etadi. Demak, bundan to‘g‘ri foydalana bilish, servis darajasini oshira borish lozim.
“Sayyohlik nuqtayi nazaridan Turkiyani Turkiya qilgan omil – mehmondo‘stlik va sifatli xizmat. Bu davlatda turizm so‘nggi 20-yilda keskin rivojlandi. Sababi, ular o‘zlari uchun qat’iy qoida o‘rnatishgan edi: har bir sayyohni o‘zimizning shaxsiy mehmonimizdek qabul qilamiz, toki unda yana qaytib kelish istagi tug‘ilsin. O‘zbekistonda esa hech qanday tartib-qoida o‘rnatishga hojat yo‘q – benazir mehmondo‘stlik bizning genlarimizda bor. Mehmon otangday ulug‘, degan maqolni yana qaysi xalqda topa olasiz?”
O‘zbekistonning tarixiy obidalari, madrasa va masjidlari karvonsaroy va maqbaralari ne-ne balolarni ko‘rib asrlar osha bizning davrimizgacha yetib kelgan. Ularning sabot va matonati oldida pandemiya nima bo‘libdi? Ta’rifi dillarda doston bo‘lgan bobomeros obidalar yana yetti iqlimdan millionlab sayyohlarini o‘ziga jalb qilishi muqarrar. Buning uchun yana biroz vaqt kerak xolos...