TOShKENT, 12 avg – Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Slovakiyaning “SLOVMEDIA SK s.r.o.” kompaniyasi vakillari bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda agentlik va kompaniya o‘rtasida hamkorlik bitimini imzolash, O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiyaga, xususan, “SLOVMEDIA SK s.r.o.” kompaniyasiga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Slovakiya tomoni ayni paytda mazkur davlatda ishchi kuchi yetishmasligi, ayniqsa, avtomobilsozlik, logistika, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoatida 400 ga yaqin ishchi kerakligini ta’kidladi.
Ushbu muammoni hal qilish uchun Slovakiyaning yirik kompaniyalariga (“Foxconn”, “Samsung”, “Bekaert Sladkovichovo”, “Bekaert Hlohovec”, “FM Logistic”, “ESA Logistic”, “CS CARGO”, “FIGARO”, “IDC HOLDING”, “PSA Peugeot Citroën”, “Volkswagen”, “SAS Automotive”, “LEAR Coorporation”) O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilish niyatida ekanligini bildirildi.
Uchrashuvda o‘zbek tomoni O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiya hududiga ishlashga yuborish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishga tayyorligini aytdi.