O‘zbek va turk kino ijodkorlari koproduksiya shakllarini izlashmoqda

O‘zbekiston va Turkiya kino ijodkorlari Toshkent xalqaro kinofestivalida taqdim etiladigan filmlar soni va mazmunini muhokama qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 avg - Sputnik. Buxoroda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi vakillari hamda turkiyalik kinoijodkorlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga asosan.
Xorijlik mehmonlarning O‘zbekistonga tashrifi “Turk dunyosi mamlakatlari: O‘zbekiston - Turkiya. Kino sanoati sohasida mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va koproduksiya shakllarini izlash" shiori ostida bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuv davomida bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, turklarning “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalidagi ishtiroki, taqdim etiladigan filmlar soni va mazmuni ham muhokama etildi.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun Buxoroning diqqatga sazovor joylari hamda shahar kinoteatrlariga ham ekskursiya uyushtirildi.
Qalblarni eritgan o‘zbek quyoshi: O‘zbekiston va Rossiya ijodkorlarining yangi kartinasi
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, “Ipak yo‘li durdonasi” kinoanjumani 1968 - 1997-yillarda muntazam o‘tkazib kelingan "Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali"ining davomchisi hisoblanadi.
Bu yilgi xalqaro kinoanjuman 28-sentabrdan 3-oktabrga qadar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda va unda Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Belorus, Ozarbayjon kabi bir qator davlatlar ishtiroki kutilmoqda.